Joriy yilning 20 avgust kuni oʻtkazilgan Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida kelib tushgan 12 mingta murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiqqan holda quyidagilar tasdiqlandi:
- Ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari roʻyxati;
- Amaliy tadbirlar rejasi.
Hujjat bilan shunday tartib oʻrnatilmoqdaki, unga muvofiq 2024 yil 1 noyabrdan boshlab davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlashga barcha tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari jalb etiladi. Ularga oʻz resurslari hisobidan (Prezidentning 2023 yil 14 sentyabrdagi PQ-306-son qarori asosida amalga oshirilayotgan Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 100 mln soʻmgacha miqdorda ajratiladigan) garovsiz mikrokreditlar miqdorini 300 mln soʻmgacha oshirishga ruxsat etiladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab elektron onlayn-auksion savdolarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani QQSdan ozod qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
2024 yil 1 noyabrga qadar tadbirkorlik sub’yektlariga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun oldindan toʻlovni amalga oshirishda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli miqdorlariga
shartnomaviy limitlar oshirilishi va shartnomaviy limitlardan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qoʻshimcha toʻlov kamida 10 baravarga kamaytirilishi lozim.
Shuningdek, eksport operatsiyalari boʻyicha QQS summalari oʻrnini qoplashda quyidagilar belgilandi:
- soliq toʻlovchilardan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;
- bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisida taqdim etiladigan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos boʻladi.
Farmon bilan 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
2024 yil 1 oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi, 2025 yil 1 yanvardan boshlab – umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga 2028 yil 1 yanvarga qadar har oyning 25-sanasiga qadar toʻlangan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:
- umumiy ovqatlanish korxonalariga, agar ularning oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz shakldagi (toʻlov terminallari yoki mobil toʻlovlar orqali) qismi:
- 60 foizdan ortiq boʻlsa – byudjetga toʻlangan QQS summasining 40 foizi miqdorida;
- 60 foizdan kam boʻlsa – toʻlangan QQS summasining 20 foizi miqdorida;
- turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga – toʻlangan QQSning 20 foizi miqdorida.
2024 yil 1 noyabrdan boshlab ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy etiladi, 2025 yil 1 yanvardan boshlab esa nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini toʻxtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yoʻl qoʻyiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 30 avgustdan kuchga kirdi.
Norin tumani Adliya bo‘limi
Yuridik markaz raxbari A.Xamdamov






