Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat'i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Agar ta'minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma'muriyati aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to‘lashi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobidan unga o‘tkazishi shart.

Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Oila kodeksiga ko‘ra voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.

Norin tuman yuridik markazi

bosh yuriskonsulti  D.Temirov