Bolalar bogʻchalari direktorlari sertifikatlanadi

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga yuqori malakali, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan kadrlarni tayinlash tizimini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 27.08.2024 yildagi "Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejment kurslarida tayyorlash va tayinlash tizimini joriy etish hamda ularga sertifikat berish toʻgʻrisida"gi VMQ-531-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — tashkilot) direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari

tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan tashkilot direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Bunda tashkilot direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud bo‘lgan va ushbu ko‘rsatilgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi. Tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan direktorlar (keyingi o‘rinlarda — direktorlar) har 5 yilda bir marotaba Nizom talablariga muvofiq menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi.

Norin tuman yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti

 

                        Z.Tursunov