O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoniga muvofiq yuridik ta’limning uzluksizligini ta’minlash hamda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 27.08.2024 yildagi "Davlat ta’lim muassasalarida uzluksiz huquqiy ta’lim tizimini joriy etish, voyaga yetmaganlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi VMQ-532-sonli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmonida quyidagilar belgilangan:
maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimini joriy etish;
Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish hamda ularning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish;
Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, huquq fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazib borish;
maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar, kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalarni yaratish.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida (keyingi o‘rinlarda — umumta’lim muassasalari) “Davlat va huquq asoslari” fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan variativ o‘quv rejalari asosida zamonaviy ko‘rgazmali o‘qitish vositalari bilan ta’minlangan “Huquq sinflari”ni tashkil etish choralarini ko‘rish belgilangan.
|
Norin tuman yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti |
D.Temirov |






