O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori  31.03.2022 yildagi 145-son

Ayollar daftari — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar — bandligi Ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar — bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar — boquvchisi vafot etgan, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I-II guruh nogironligi bo‘lgan hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, bedarak yo‘qolgan (sud qaroriga asosan) ehtiyojmand xotin-qizlar, shuningdek, nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar va ehtiyojmand yolg‘iz onalar (FHDYo organlarining ma’lumotnomasi asosida);
  • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan), biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar — nogironligi bo‘lgan voyaga yetmagan (I guruh nogironligi bo‘lgan farzandi yoshidan qat’iy nazar) farzandini bevosita parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar.

Bunda «Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritiladigan xotin-qizlar yuqoridagi toifalardan faqat biriga kiritilishi mumkin.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

1) ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar uchun:

  • bandligini ta’minlash;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;

2) tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

3) boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash;

4) ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash;
  • tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatish;

5) uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • ijara kompensatsiyasini to‘lash, ijtimoiy uylarga joylashtirish, uy-joy bilan ta’minlash;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;

6) qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish.

Kreditlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bunda kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokimlar yordamchilarining tavsiyalari asosida ajratiladi.

Norin tuman yuridik xizmat                                                                                                             ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti                  Z.Tursuunov