O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori. 250-son. 28.04.2021 yil.
«Temir daftar» — ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etish, muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.
Temir Temir daftarga quyidagi toifadagi oilalar kiritiladi:
- kam ta’minlangan oila, deb e’tirof etilgan oilalar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar;
- kam ta’minlangan yakka-yolg‘izlar va keksalar;
- boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar;
- ko‘p (4 va undan ortiq) farzandli moddiy ko‘makka muhtoj oilalar;
- mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar;
- tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar (surunkali yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan va nogironlik guruhi belgilanmagan a’zolari mavjud yetarli daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalar);
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar.
Bunda, agar yuqoridagi toifalarga mos keladigan oilalarning a’zolari mos ravishda «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlariga ham kiritilgan bo‘lsa, ushbu oilalar ro‘yxati «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlarida yuritiladi.
Oilalarning ishsiz a’zolari bandligini ta’minlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
- tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan investitsiya bo‘limlari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
- tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan birgalikda mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
- tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan qishloq ho‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda kooperativlarga jalb etish, g‘alladan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin ekish va oborotdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga bandlikni ta’minlash va boshqalar.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.
Norin tuman yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Mamadaliyev






