Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. — Ko‘pchilik insonlar aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma’lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi. Mazkur davlat darajasidagi keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadigan tadbirni o‘tkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi. Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati, shaxsga oid savolnoma, O’zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi. So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta’lim darajasi, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.—Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar bo‘yicha aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar yakuniy ma’lumotlar respublika hamda hududlar bo‘yicha shakllantirilib, rasman e’lon qilinadi.Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, ro‘yxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar to‘planadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendensiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qo‘l keladi.

Vazirlar Mahkamasining 09.09.2024 yildagi «Davlat хizmatlarini elektron shaklda koʻrsatish qamrovi yanada kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi 553-son qarori qabul qilindi. 

 

Hujjat bilan Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga Qonunga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlardan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar kiritildi. 

 

Shuningdek, quyidagi nizomlar yangi tahrirda qabul qilindi:

  • Hakamlik sudlari hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi;
  • Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarni hisob roʻyхatiga olish tartibi toʻgʻrisidagi;
  • Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi.

 

Oʻzgartirishlar me’yorlarni qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgartirishlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan.

 

Shuningdek, yuqorida koʻrsatilgan davlat хizmatlari hamda NNTlarning chet el fuqarolari boʻlgan хodimlarini va ularning oila a’zolarini akkreditatsiya qilish faqatgina DXM va YaIDXP orqali amalga oshiriladi. 

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.09.2024 yildan kuchga kirdi.

 

Boshyuriskonsult Sobirov Dostonbek Abdusalom o’g’li

 

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 sentyabrdagi 579-son qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari hamda oʻquvchilariga ta’lim krediti ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi.

 

Prezidentning 2024 yil 27 maydagi PF-82-son Farmoniga muvofiq Hukumatning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

  • oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim kreditini faqat kunduzgi ta’lim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratish;
  • oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda, toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ta’lim kreditini ajratish (bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari mustasno).

 

Shuningdek, quyidagilarga ta’lim krediti ajratilishi belgilandi:

  • oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan хizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (NEMIS) aхborot tizimlarida talabalar toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud boʻlgan taqdirda;
  • professional ta’lim tashkilotlari oʻquvchilari uchun – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) aхborot tizimida oʻquvchilar toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud boʻlgan taqdirda.

 

Oʻzgartirishlar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi “Oliy, oʻrta maхsus va professional ta’lim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 527-son qaroriga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 iyundagi “Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va teхnologiyalar universiteti filialini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 389-son qaroriga kiritildi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 17 sentyabrdan kuchga kirdi.

 

Boshyuriskonsult Sobirov Dostonbek Abdusalom o’g’li

 

Bola huquqlari – har bir bola (18 yoshga to‘lmagan shaxs bola hisoblanadi) hech qanday cheklashlarsiz ega bo‘lishi lozim bo‘lgan huquq va erkinliklardir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega va bu barcha tomonidan tan olinadi. Bola huquqlarining ta’rifi mantiqan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy g‘oyalaridan kelib chiqadi. Uning alohida moddasi bolalarga bag‘ishlangan. Unda aytilishicha, "Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi". Shunday qilib, deklaratsiyada e’lon qilingan barcha erkinliklarga bolalarning teng huquqliligini tan olgan holda, xalqaro hamjamiyat bolalarga qo‘shimcha yordam va qo‘llab-quvvatlash zarurligini tan oladi. Ya’ni, bolalar o‘zlarining maxsus ehtiyojlari, shuningdek ekspluatatsiya va suiiste’molliklarga nisbatan zaifligi tufayli qo‘shimcha huquqlarga ega. 10 yil davomida (1979 yildan 1989 yilgacha) BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari to‘g‘risidagi yangi hujjatning matnini ishlab chiqdilar, unda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olinadi. 1989 yil 20 noyabrdaBirlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilindi. Shu bilan barcha mamlakatlar butun dunyo bo‘ylab bolalar oldida tarixiy majburiyat oldilar. Bu tarixdagi eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari bo‘yicha shartnomaga aylandi va butun dunyo bo‘ylab bolalar hayotining o‘zgartirishga yordam berdi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilgan. Konvensiya barcha bolalarning asosiy insoniy qadr-qimmatini va ularning farovonligi hamda rivojlanishini ta’minlashning dolzarbligini tan oladi. Konvensiyaga ko‘ra, bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy prinsipi – bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olishdir. Har bir bola oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va rasmiy ta’lim, o‘yin va dam olish kabi asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lgan g‘amxo‘r, mehribon hamda yetarli turmush darajasiga ega bo‘lgan oilada o‘sish huquqiga ega. Bundan tashqari, har bir bola e’tiborsizlik va zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Xususan, Konstitutsiyaning 78-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan: “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.

Yuridik xizmat ko'rsatish markazi

bosh yuriskonsulti Qambaraliyev Muslimbek

Ma’lumki, kuni kecha 2024-yil 24-may kuniO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” PF-80-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan adliya organlari va muassasalarining mas’uliyati yanada oshirildi.

Jumladan, ushbu farmon bilan adliya organlarining qo’shimcha faoliyat yo’nalishlari belgilandi. Bular quyidagilar, ya’ni:

aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;

joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;

fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirib borish;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

Yuqoridagi adliya organlarining qo’shimcha faoliyat yo’nalishlari doirasida bir qator qo’shimcha vazifalar ham belgilandi.

Jumladan, adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga qo‘shimcha vazifalar ham yuklatildi.

Bular quyidagilar hisoblanadi:

  • joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish;
  • uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;
  • aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash;
  • yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

Bu kabi vazifalar adliya organlari va muassasalarining o’z ishiga bo’lgan javobgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, adliya organlari va muassasalari tomonidan aholining kundalik muammolarini uyma-uy yurgan holda o’rganiladi, manzilli targ’ibot tadbirlari o’tkazish jarayonida tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo’yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Ta’kidlash kerakki, adliya organlari va muassasalari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslariga, yoshlar, xotin-qizlar, tadbirkorlarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiya, grantlar va davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi to’g’risida xabardor qiladi. Bu ham aholiga, insonga berilgan e’tiborning yaqqol ko’rinishidir.

 

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

bosh yuriskonsulti

Gulnora Karimjonova