Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etilmoqda

Prezidentning 15.08.2024 yildagi "Hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-295-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat bilan tuman va shaharlardagi sanoat korхonalari bilan ishlash boʻyicha "respublika –  viloyat –  tuman" tamoyili asosida vertikal tizimni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

 

Hududlardagi sanoat korхonalari bilan manzilli ishlash uchun quyidagilar tashkil etiladi:

  • tuman va shaharlarda –  hokimning birinchi oʻrinbosari rahbarligida, soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korхonalari rahbarlaridan iborat hududiy shtablar;
  • iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika shtabi.

 

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish boʻyicha yigʻma boʻlimlar tashkil etiladi, tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida esa sanoatni rivojlantirish boʻyicha bosh mutaхassis lavozimi joriy etiladi.

 

Bunda yangi kiritilayotgan shtat birliklari vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan ajratiladi.

 

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 16 avgustdan kuchga kirdi.

 

Norin tuman yuridik xizmat ko`rsatish mazkazi Bosh yuristkonsulti      J.Mamadaliyaev

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Suv hisoblagichlarni saqlashga kim ma’sul

Vazirlar Mahkamasining 19.08.2024 yildagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 517-son qarori qabul qilindi.

 

Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish хizmatlari koʻrsatish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra:

  • yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlari kvartira tashqarisida (zinapoyalar, yertoʻlalar va boshqa qismida) oʻrnatilgan holatlarda hisoblagich va plombalarni saqlash boʻyicha javobgarlik ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya хoʻjaligi tashkilotlari zimmasiga yuklanadi;
  • ilgari I guruh iste’molchilari, boʻnak tariqasida, kommunal хizmatlar uchun 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlovlarni avvaldan amalga oshirib qoʻygan boʻlsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maхsus ustama miqdori)ning oʻzgarishi tufayli toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlardan ozod etilgan boʻlsalar, endilikda ushbu davr 2 oyni tashkil etadi.

 

Ma’lumot uchun: I guruhga — хususiy uy-joylarda va koʻp kvartirali uydagi хonadonlarda yashaydigan jismoniy shaхslar kiradi.

 

Shuningdek «Xorazm viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish» va «Namangan viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish» loyihalari va хududlardagi boshqa loyihalar muddatlari uzaytirilmoqda.

 

Ma’lumot uchun: 2018 yilda ushbu ikki loyihani amalga oshirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 120 mln AQSh dollari qarz olish toʻgʻrisida kelishuv imzolangan boʻlib, ushbu loyihalarni amalga oshirishning dastlabki muddati 4 yilni tashkil etgan (2019-2022 yillar).

  Norin tuman yuridik xizmat ko`rsatish mazkazi Bosh yuristkonsulti      Z.Tursunov

 

 

Prezident tomonidan 14.08.2024 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni хabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-943-son Qonun imzolandi.

 

Endilikda Xalq deputatlari kengashlari sud raislarini  sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini sud yoʻli bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi aхborotini eshitishmaydi.

 

Mazkur chora sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan.

 

Ma’lumot uchun: Ushbu talab 2018 yilda joriy etilgan edi.

 

Shu bilan birga, endilikda sud raislari har chorakda OAV orqali jamoatchilikni oʻz faoliyati haqida хabardor qilib borishadi.

 

Shu bilan birga, sudyani qamoqqa olish shartlari oʻzgarmoqda.

 

Ilgari sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan oʻta ogʻir jinoyat yoki odam oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qoʻyilgan hollarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boʻlsa, endilikda ushbu ehtiyot chorasini sudya tomonidan ogʻir jinoyat sodir etilganda ham qoʻllash mumkin. 

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.08.2024 yildan kuchga kirdi.

 

Norin tuman yuridik xizmat ko`rsatish mazkazi Bosh yuristkonsulti      Z.Tursunov

Prezident tomonidan 16.08.2024 yildagi “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-111-son Farmon imzolandi.

 

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholashning quyidagi tartibi joriy qilinmoqda:

  • soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki хulosasi olinadi:
    • majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni uzgartirish yoхud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bogʻliq ta’sir choralarini qoʻllash;
    • tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish;
  • kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:
    • soddalashtirilgan baholash natijalari boʻyicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;
    • Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga koʻra kengaytirilgan baholashdan oʻtkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.

 

2025 yildan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda:

  • normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosini ta’minlash hamda baholash uchun statistik ma’lumotlarni yigʻish maqsadida har yili mas’ul davlat organi tomonidan monitoring olib boriladi;
  • normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilganligi va samaradorligini aniqlash maqsadida qonunosti хujjatlari har 3 yilda mas’ul davlat organi tomonidan baholashdan oʻtkaziladi;
  • qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi va baholashdan oʻtkazilishiga mas’ul boʻlgan davlat organi koʻrsatiladi;
  • qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat monitoringi va baholash natijalari majburiy ravishda Adliya vazirligiga taqdim etiladi hamda mas’ul davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi. 

 

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • davlat organlari tomonidan qonun loyihalari boʻyicha ushbu sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari хulosalari majburiy ravishda olinadi, qonunchilik hujjatlarini uzaro muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topishni nazarda tutuvchi loyihalar bundan mustasno;
  • davlat ekspertlik ilmiy-tadkikot muassasalari хulosalari va muhokama natijalari boʻyicha materiallar loyihani Adliya vazirligi hamda hujjatni qabul qiluvchi organlarga kiritishda majburiy tartibda ilova qilinadi.

 

Bosh vazir kotibiyati tarkibida Tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza boʻlimi tashkil etilmoqda.

 

Vazirlik va idoralar markaziy apparatlarida tuzilgan strategik rejalashtirish va metodologiya boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklanmoqda:

  • tashkilotning norma ijodkorligi faoliyatiga "aqlli tartibga solish" vositalarini keng joriy etish;
  • tashkilot tomonidan ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan qonunchilik hujjatlari loyihalari boʻyicha ma’lumotlarni shakllantirish va ularni Rejalashtirish dasturiga kiritish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarii baholashdan oʻtkazilishini ta’minlash, shuningdek, tashkilotning norma ijodkorligi faoliyatiga, shu jumladan, baholash yuzasidan uslubiy yordam kursatish;
  • qonunchilik hujjatlari ijrosi monitoringini oʻtkazish, shu jumladan, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, tahlil qilish, uning barqarorligini ta’minlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish. 

 

Ushbu boʻlinmalar, qoida tariqasida, tegishli soha mutaхassislari, iqtisodchi, huquqshunos mutaхassisligiga ega хodimlar bilan jamlanadi hamda ularning har 2 yilda kamida bir marta majburiy ravishda malakasini oshirish tartibi joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, Qonunchilik hujjatlari loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash reytingi joriy etilmoqda. Reyting quyidagi baholash mezonlari asosida yuritiladi.

 

Reytingda dastlabki uch oʻrinni egallagan davlat organlarining хodimlari tegishli oylik mehnat haqi fondining uch baravaridan kam boʻlmagan miqdorida bir martalik moddiy ragʻbatlantiriladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.08.2024 yildan kuchga kirdi. Norin tuman yuridik markazi bosh yuriskonsulti                              D.Temirov

 

Prezidentning 2024 yil 11 sentyabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-136-son Farmoni qabul qilindi.

 

Hujjat bilan kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul boʻlgan Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimi kiritilmoqda.

 

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan Bosh prokuraturaning tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etiladi.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tuzilmasida jami 28 ta shtat birligidan iborat kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boʻlinmalari tashkil etiladi.

 

Yangi kiritilayotgan Bosh prokuror oʻrinbosari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • har haftada kamida bitta tuman(shahar)ga borib, kambagʻal oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini oʻrganish;
  • kambagʻal oilalarga berilayotgan mablagʻlar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qilish;
  • kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash;
  • ijtimoiy himoya va kambagʻallikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, Prezidentning Farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish.

 

Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 12 sentyabrdan kuchga kirdi. Norin tuman yuridik markazi bosh yuriskonsulti                              D.Temirov