Vazirlar Mahkamasining 09.09.2024 yildagi 555-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish va koʻchmas mulk ob’yektlarining kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom quyidagilarni belgilaydi:

respublika hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish tarkibi va tamoyillari;

kadastr va koʻchmas mulklarni roʻyхatdan oʻtkazish integratsion aхborot tizimida koʻchmas mulk ob’yektlarining kadastr raqamlarini shakllantirish;

kadastr raqamlarini koʻchmas mulk ob’yektlari boʻyicha toifalashtirish orqali ularni hisobga olish va hisobini yuritish.

Kadastr agentligiga 2024 yil 1 dekabrgacha Oʻzbekistonning ma’muriy-hududiy birliklarini tuzish, tugatish va ularning chegaralaridagi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda koʻchmas mulklarning yangi kadastr raqamlarini shakllantirish uchun UZKAD tizimiga teхnik tuzatishlar kiritilishini ta’minlash topshirildi.

Yer uchastkalari, binolar va inshootlarni identifikatsiya qilish tizimi yagona tamoyil asosida tuzilgan boʻlib, uning asosiga yer uchastkasining kadastr raqami kiritilgan.

Kadastr raqami – yer uchastkasi, bino, inshootga tegishli Oʻzbekiston hududida takrorlanmaydigan raqamdir, u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uni shakllantirishda beriladi va u roʻyхatdan oʻtkazilgan huquqning yagona ob’yekti sifatida mavjud boʻlguniga qadar saqlanib qoladi.

Norin tumani Adliya bo‘limi Yuridik markaz raxbari A.Xamdamov

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori. 250-son. 28.04.2021 yil.

«Temir daftar» — ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etish, muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.     

Temir Temir daftarga quyidagi toifadagi oilalar kiritiladi:

    • kam ta’minlangan oila, deb e’tirof etilgan oilalar;
    • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar;
    • kam ta’minlangan yakka-yolg‘izlar va keksalar;
    • boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar;
    • ko‘p (4 va undan ortiq) farzandli moddiy ko‘makka muhtoj oilalar;
    • mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar;
    • tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar (surunkali yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan va nogironlik guruhi belgilanmagan a’zolari mavjud yetarli daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalar);
    • noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar.

Bunda, agar yuqoridagi toifalarga mos keladigan oilalarning a’zolari mos ravishda «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlariga ham kiritilgan bo‘lsa, ushbu oilalar ro‘yxati «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlarida yuritiladi.

Oilalarning ishsiz a’zolari bandligini ta’minlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

  • tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan investitsiya bo‘limlari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
  • tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan birgalikda mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
  • tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan qishloq ho‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda kooperativlarga jalb etish, g‘alladan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin ekish va oborotdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga bandlikni ta’minlash va boshqalar.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.

Norin tuman yuridik xizmat                                                                                                             ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti                  J.Mamadaliyev

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori  31.03.2022 yildagi 145-son

Ayollar daftari — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar — bandligi Ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar — bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar — boquvchisi vafot etgan, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I-II guruh nogironligi bo‘lgan hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, bedarak yo‘qolgan (sud qaroriga asosan) ehtiyojmand xotin-qizlar, shuningdek, nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar va ehtiyojmand yolg‘iz onalar (FHDYo organlarining ma’lumotnomasi asosida);
  • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan), biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar — nogironligi bo‘lgan voyaga yetmagan (I guruh nogironligi bo‘lgan farzandi yoshidan qat’iy nazar) farzandini bevosita parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar.

Bunda «Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritiladigan xotin-qizlar yuqoridagi toifalardan faqat biriga kiritilishi mumkin.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

1) ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar uchun:

  • bandligini ta’minlash;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;

2) tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

3) boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash;

4) ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash;
  • tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatish;

5) uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • ijara kompensatsiyasini to‘lash, ijtimoiy uylarga joylashtirish, uy-joy bilan ta’minlash;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;

6) qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

  • bir martalik moddiy yordam berish;
  • zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish.

Kreditlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bunda kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokimlar yordamchilarining tavsiyalari asosida ajratiladi.

Norin tuman yuridik xizmat                                                                                                             ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti                  Z.Tursuunov

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 07.06.2022 yildagi 312-son

«Yoshlar daftari» — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlashning aniq miqdori yoshning hayotiy vaziyati murakkabligini inobatga olgan holda BHMning 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lab beriladi

Bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda tayinlanadi.

Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni «Yoshlar daftari»dan chiqarishga asos bo‘lmaydi.

Moddiy yordam shaxsga bir kalendar yil davomida bir marotaba beriladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yosh fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda BHMning 25 baravarigacha qismi qoplab berilishi mumkin.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berilishi mumkin.

Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmasdan «Yoshlar daftari»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Norin tuman yuridik xizmat                                                                                                             ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti                  D.Temirov

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ( 21.12.2004 yildagi 595-son) ga asosan

Quyidagilar jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotini olishlari mumkin:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ish beruvchining talabnomasiga muvofiq mazkur fuqarolarning asosiy ish joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ularning arizasiga muvofiq mazkur fuqarolarning yashash joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki O‘zbekiston Respublikasining interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida elektron ariza berishlari lozim.

Jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallaridan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larga hisoblab chiqarilgan foizlardan hamda bunday mablag‘lar foydalanilishidan fuqarolar va Xalq banki oladigan boshqa daromadlardan, jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlaridan, shuningdek jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari aylanmasidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar olinmaydi.

Norin tumani Adliya bo‘limi Yuridik markaz raxbari A.Xamdamov